четверг, 26 апреля 2018 г.


XITOYDAGI  VELOSIPED  IJARASI


[15.11.17/ 19:44]

Xitoyning ko`plab shaharlarida velosipedlarni ijaraga beruvchi ajoyib tizim faoliyat olib boradi. Bu tizim barcha uchun, har tomonlama, nihoyatda foydali. Velosipedda sayr qilishning inson salomatligiga ta’siri, yoki atrof muhitga mutlaqo bezarar ekanligini alohida ta’kidlab o`tirmayman. Asosiy mavzu - bu tizimning faoliyati haqida.
Bu yerda xohlagan yeringizda velosiped olib manzilingizga yetib olishingiz, va o`sha velosipedni istagan yerda qoldirishingiz mumkin. Velosiped olish uchun telefoningizda maxsus ilovaga ega bo`lsangiz bas. Juda qulay tizim. Barcha velosipedlar GPS tizimiga ulangan va orqa g`ildiragi tomonda maxsus qulf biriktirilgan. Smartfondagi maxsus ilova orqali QR kodni olgan zahoti (scan) qulf avtomatik tarzda ochiladi. Shunday qilib, bir martalik harakatlanish vositangiz safarga tayyor. Manzilga yetgach, o`sha qulfdagi bir detalni pastga surish orqali velosipedni yana qulflab qo`yishingiz lozim. Agar qayta yopilmasa, siz boshqa velosiped qulfini ocha olmaysiz. Chunki ilovalar bir vaqtning o`zida faqat bitta velosipeddan foydalanishga ruxsat beradi.
Bu tizimdan foydalanish uchun ilovani yuklab olish hamda unda ro`yxatdan o`tish lozim. Unga bank kartochka raqami va passport ma’lumotlari kiritiladi. Bundan tashqari, depositga ma’lum miqdorda pul qo`yish ham talab etiladi. O`rtacha 200 yuan deposit to`lanishi lozim. Shundan so`ng siz 45 kun davomida velosipedlardan bepul foydalanasiz. Istagan vaqtingizda depozit pulingizni qaytarib olishingiz ham mumkin. 45 kundan so`ng, xizmatdan bepul foydalanish muddati tugaydi. Shundan so`ng, har gal velosipeddan foydalanish uchun 1 yuandan to`lashingizga to`g`ri keladi.
Shu o`rinda bir qiziq savol tug`ildi, bir velokompaniyada ro`yxatdan o`tib, 200 yuan deposit to`lagach, 45 kun davomida undan bepul foydalanib, keyingi kuni deposit pulini qaytarib olish ham mumkinmi?  Menga bu ilovada ro`yxatdan o`tishga ko`maklashgan do`stimning aytishicha, “ha, shunday qilsa bo`ladi”. Unda hamma shunday qilaversa bu kompaniyalar qanday qilib foyda ko`radi deb bergan savolimga u quyidagicha javob berdi: “Bir kishi ro`yxatdan o`tgach 200 yuan pul kompaniya hisobida turadi. Bu kompaniya millionlab foydalanuvchilariga ega, ularning har biri 200 yuandan to`laganda, umumiy hisobda juda katta summa hosil bo`ladi. Kompaniya bu pullarni boshqa sohalarga tikib foyda foyda oladi, yoki boshqacha qilib aytaganda ‘pullarni aylantiradi’. Bundan tashqari juda kamchilik insonlar depozit pullarini qaytarib oladi, chunki yana qayta ro`yxatdan o`tmoqchi bo`lsa, bu safar bepul 45 kunlik muddat berilmaydi. Bundan tashqari pulingiz xavfsiz joyda qancha muddat bo`lsa ham turaveradi”. Ha, juda yaxshi o`ylangan tizim!
Lekin uddaburonlar 45 kundan so`ng deposit pulni qaytarib olib, boshqa kompaniyada ro`yxatdan o`tib yana shuncha muddat bepul foydalanish va keyingi muddat ham tugagach boshqasiga o`taverishi mumkin. Bunday kompaniyalar esa bir nechtani tashkil qiladi.)
Men hozir yashayotgan shaharda velosipedlarni ijaraga beruvchi bir nechta yirik kompaniyalar faoliyat olib boradi. Bularga ‘OFO’, ‘Hellobike’, ‘Mobike’ va hokazolarni misol qilib keltirib mumkin. Shahar ko`chalarida yurar ekansiz har qadamda velosipedlar uyumiga ko`zingiz tushadi. Har bir kompaniya velosipedlari o`z maxsus ranggiga ega. Ayrimlari to`q sariq rangda, ba’zlari oq qizil yoki oq ko`k, boshqalari esa yashil rangda.  
Yana bir yaxshi jihati, barcha yo`llarda avtomobillar hamda piyodalar uchun maxsus ajratilgan yo`llar bilan bir qatorda, velosiped va skuterlar uchun ham alohida yo`lak mavjud. Shuning uchun, velosipedda uzoq manzillarga ham mutlaqo xavfsiz yetib olishingiz shubhasiz.
“Barcha foydalanuvchilar velosipedlarni istalgan joyga tashlab ketaversa, ular yo`qolib qolmaydimi?” degan tabiiy savol paydo bo`ladi.
Aslo, chunki har bir velosipedga GPS qulf biriktirilgan bo`lib, kompaniya xizmatchilar har kuni kechki payt GPS orqali velosipedlarni yig`ib ertalab xizmatdan foydalanuvchilar uchun maxsus joylarga, shay holatda qo`yib ketishadi. Bundan tashqari, aksariyat foydalanuvchilar, iste’molchi madaniyatiga rioya qilgan holda, manziliga yetib olgach velosipedlarni maxsus belgilangan joylarga qo`yishadi. Bu esa xizmatnining barcha uchun yanada qulay va foydali bo`lishiga xizmat qiladi.




























Xuddi shunday tizimni bizda ham joriy qilsa bo`larmikin degan mavzuda o`zbekistonlik do`stlarim bilan ko`p gaplashamiz. “Bo`ladi, faqat velosiped ehtiyot qismlarga bo`linib-bo`linib ketmasa bo`lgani” deyishadi hazillashib.
Rostdan ham, kerakli ehtiyot choralarini ko`rgan holda, O`zbekistonda ushbu tizim faoliyatini yo`lga qo`yish mumkin. Bundan tashqari, yaqin vaqtlarda poytaxtimizda ham velosipedlar uchun maxsus yo`lkalar quriladi.
Quyida bu boradagi fikrlarimni keltirib o`taman:
- Buning uchun dastavval, velosipedlarni joylashtirish uchun eng gavjum bo`luvchi kamida 10 ta punktni tanlash zarur (poytaxtda, kuzatuv kameralari nazoratiga olingan hudud bo`lishi maqsadga muvofiq. Chunki, velosipeddan foydalanib bo`lgan kishi uning soz holda ekanligini isbotlashi uchun kamera nazoratidagi joyga keltirib qo`yadi)
- Velosipedlarning barchasi bir xil yorqin rangga, alohida belgilarga va GPS tizimli qulfga ega bo`lishi lozim. (Xitoy tajribasini o`zlashtirish mumkin)
- Smartfonlar uchun kichik mobil ilova yaratish kerak; (Xitoy tajribasi)
- Kreativ reklamalar yordamida keng ommani oldindan xabardor qilib borish lozim; (Countdown uslubida)
-Depozit pulining xavfsiz saqlanishi va istalgan paytda qaytarib berilishi kafolatlanishi lozim;
Qo`shimcha afzalliklari sifatida, mobil ilovaga hamda velosipedlarning o`ziga reklama joylashtirish orqali ayrim xarajatlarni qoplash mumkin.
Ushbu tizim biz uchun yangilik bo`lganligi hamda hali raqobatchilar yo`qligi sababli, bu ishni ilk bor amalga oshirgan tadbirkorlar yaxshi daromad olishlari mumkin. Bu yurtdoshlarimiz hayotiga ham yanada qulaylik bag`ishlagan bo`lar edi.   












Ko`zoynak taqqan Xitoy yoshlari 

 [19.10.17]

19-oktyabr. 2017. Soat 08:55. “Public policy making” darsi. Leksiya 3 soat-u 30 daqiqa davom etadi. Ma’ruza qilayotgan professorning nihoyatda bilimli ekanligiga shubham yo'q, ammo ingliz tilida gapirishi xatto ingliz tili ona tilisi bo`lgan talabalar uchun ham unchalik tushunarli emas.
Auditoriyada xalqaro talabalar bilan bir qatorda xitoylik talabalar ham bor. Ularning asosiy maqsadi darsdan ham ko'ra ingliz tilini yaxshiroq o'rganish, xorijlik talabalar bilan biroz bo`lsa-da muloqot qilishdir. Leksiya tinglab o`tirib biroz zerikkach, atrofga razm solib chiqdim. Auditoriyadagi 26 ta xitoylik talabaning 24 tasi ko'zoynak taqqanligi e’tiborimni tortdi. Menimcha, qolgan ikkitasining ham ko'zoynagi uyida qolib ketgan bo'lsa kerak). Chet ellik talabalarning ayrimlarigina ko`zoynak taqqan xolos. Har narsaning yaxshi va yomon tomonlari bo'lganidek zamonaviy texnologiyalar nihoyatda ommalashgan, elektron to'lovlar eng rivojlangan Hangzhou shahrida yoshlarning aksariyat qismi ko'zoynaksiz yaxshi ko'ra olmaydi. Shak-shubhasiz, buning asosiy sababi, zamonaviy texnologiyalar, smartfon, planshet, IPad va hokazo, bir so`z bilan aytganda – “nurli to`rtburchak” lardir.
Ularni ko`chada yurib ketayotganda, ovqatlanayotganda, skuter va hatto velosiped haydab ketayotganda ham telefonidan ko`z uzmay ketayotganligining guvohi bo`lish mumkin. Hozirgi kunda ko`plab halokatlar ham aynan shu sababli sodir bo`lmoqda. Smartfonlarga bu darajadagi qaramlik bu yerda oddiy holga aylangan. Nafaqat yoshlar, balki katta yoshli insonlar orasida ham bunday holat ommalashib borayotganini kuzatish mumkin. Ularning nega bunchalik telefonga “yopishib” qolayotganligining sabablariga qiziqib ko`rdim. Aksariyati smartfonda ijtimoiy tarmoqlarni, yangiliklarni kuzatishadi. (eng asosiy tarmoqlar sifatida – Wechat (WhatsApp yoki telegramning muqobili), yoki Weibo (Facebook singari) larni keltirish mumkin). U yerdagi qiziqarli rasmlar, video roliklar, yangiliklar kishining e’tiborini tortmay qolmaydi.
 Keyingi o`rinda maxsus ilovalar. Xitoyda deyarli barcha ishlarni birgina smartfon orqali bajarish mumkin. Barcha turdagi to`lovlar, xaridlar, chipta buyurtma qilish-u ijaraga velosiped olishlar ham birgina telefonda amalga oshiriladi. Bunga minglab turdagi ilovalar yordam beradi. Kundalik turmush tarzini yanada osonlashtirishga xizmat qiluvchi mobil ilovalarning son-sanog`i yo`q.
Bundan tashqari, mobil o`yinlar ham xitoylik ayrim yoshlarning ajralmas ovunchoqlaridan biri bo`lib qolgan. Bu yer online o`yinlarning eng katta bozorlaridan hisoblanib, mamlakatda mobil va kompyuter o`yinlarini yaratuvchi gigant kompaniyalar faoliyat olib boradi.
Yana bir turdagi smartfonga “yopishib qolgan” yoshlar, ilmga nihoyatda chanqoq va kitobsevar talabalardir. Ular har qanday sharoitda ham mutolaa qilib keta olishadi, va albatta bunga qoyil qolmay iloj yo`q.
Nima bo`lganda ham, ko`zoynakka qaram bo`lib qolish, bizga berilgan tabiatning eng katta ne’matlaridan biri – ko`z nurimizning yomonlashayotganligidan darak.
Ko`z nurini asrab avaylash haqida nasihat-u maslahatlar berib o`tirish niyatida emasman. Shunchaki bir fakt: inson umri davomida barcha ma’lumotlarning 90 foizini ko`zlari orqali oladi.



                                          surat manbasi: Baidu (xitoycha google) 


Hangzhouda qor


25-yanvar.  Hangzhouda qor.  Ha, bu alohida urg`u berishga arzirli hodisa, chunki bu shaharda qor kamdan kam yog`ar ekan. Shu yerda 3 yildan beri o`qiyotgan malayziyalik do`stlarim bugun qorni hayotida ilk marta ko`rishdi. Ularning qanchalik xursand ekanliklarini ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalaridan ham bilib olish mumkin. Tarmoqda kunning asosiy fotoalbomlari qor bilan to`ldi.
Indoneziyalik kursdoshim ham umrida qorni ko`rmagan ekan. Tushlik vaqtida undan ilk taassurotlarini so`radim. “Ajoyib” – uning xursandchilik bilan aytgan birinchi ta’rifi shunday bo`ldi. Darsdan so`ng, ayrim “qor ko`rgan” do`stlarim bilan “ko`rmagan”lariga qorbobo yasash va qor bo`ron o`ynash qanday bo`lishini o`rgatib qo`ydik.
Bu yil qish Xitoyda so`nggi bir necha yil ichidagi eng sovug`i bo`lmoqda deya ta’kidlashmoqda shu yerlik talabalar. Rostdan ham, o`tgan yillar mobaynida deyarli yog`magan qor bu gal go`yo hammasini bir qilib yog`ayotgandek, bir necha kun tinmadi. Lekin shu yerliklar bundan faqatgina xursand bo`lishmoqda. Ko`chalarni to`ldirib turgan xursand kayfiyatdagi qorbolalar ham buni yaqqol isbotlab turibdi.   



(Qorni umrida ilk bor ko`rgan odamni men ham umrimda ilk bor ko`rdim ))



“Native speaker”


[12.01.18]

“Native speaker”, ya’ni, ingliz tili ona tilisi bo`lgan o`qituvchilar Xitoyda, ayniqsa, hozirgi kunda eng ko`p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo`lib qoldi. Sababi, bu yerda ingliz tilini o`rganishga bo`lgan ehtiyoj har qachongidan-da kuchli. Ota onalar o`z farzandlarining ingliz tilini mukammal o`rganishlari uchun qurbi yetganicha harakat qilishmoqda. Biroq, xitoyliklar orasida xorijliklar haqida qat’iy shakllanib qolgan stereoptiplar mavjud. Ularning fikricha, ingliz tilini faqat oq tanli mallasoch “native speaker” lar yaxshi o`rgata olishadi. Shuning uchun, aksariyat e’lonlarga qarasangiz nomzodlardan oq tanli va faqatgina bir nechta ingliz tilida so`zlashuvchi davlatlar fuqarolari (UK, USA, Canada, Australia, New Zealand) bo`lishi lozim degan talablarga ko`zingiz tushadi. Bu esa albatta boshqa davlatlardan kelgan, ingliz tilini mukammal biluvchi xorijliklar hamda qora tanli “native spearker” larning g`ashiga tegadi. Ayrim joylarda tilning grammatik qoidalarini bilmasa ham, umrida birovga bir harf o`rgatib ko`rmagan bo`lsa ham “native speaker” bo`lsa bo`ldi qabilida ish tutishadi. Bundan kelib chiqadiki, u yerda o`qituvchining malakasi va tajribasidan ko`ra tashqi ko`rinishi muhimroq.
Albatta, pedagogika diplomiga ega bo`lgan, yuqori tajribaga ega, malakali native speaker ingliz tilini boshqa har qanday o`qituvchidan ko`ra yaxshiroq o`rgatishi mumkin. Lekin bunday mutaxassislarni hamma yerda ham topish qiyin. Hamma native speakerlar ham bunday malakaga ega emas.
Bu borada e’tiborimni tortgan qiziqarli jihatlardan biri shundaki, men taniydigan ingliz tilida juda ravon so`zlashuvchi xitoyliklarning hech biri bu tilni native speakerdan o`rganmagan ekan. Bizda ham shunday holat, hozirda O`zbekistonlik yoshlarning ko`pchiligi ingliz tilini mukammal o`zlashtirmoqda; Universitet, litsey, kollej va hatto ayrim maktab o`quvchilari ingliz tili ko`nikmalarini baholab beruvchi IELTS/TOEFL/CEFR kabi imtihonlarda native speakerlarning o`zlari ham erishishi qiyin bo`lgan ballarni olishmoqda. Vaholanki, ularning deyarli barchasi bu tilni O`zbekistondagi o`quv markazlarida, o`zbekistonlik o`qituvchilardan o`rganishmoqda. Shu misollarning o`zi ham yuqoridagi stereotip noto`g`ri ekanligini isbotlash uchun yetarli bo`ladi.
Yana bir jihati, Xitoyda xorijlik ingliz tili o`qituvchilariga juda yuqori haq to`lanadi. Aynan shuning uchun ham bu mavzu xorijliklar orasida doim qizg`in muhokama qilinadi. Dastlabki vaqtlarda men vakansiya e’lonlarini kuzata turib, bu shaharda oylik maoshlar ancha yuqori ekan degan fikrga kelgandim. Darhaqiqat, Hangzhou shahri Xitoydagi eng boy shaharlardan biri hisoblanadi. Ko`p e’lonlarda o`qituvchilar uchun minimal ish haqi 10-15 ming yuan deya ko`rsatilgan. Bundan tashqari yillik ta’tillar, sayohat uchun ajratmalar, bepul turar joy, turli xil qo`shimcha bonuslar bilan 20 ming yuandan ortiq. Lekin keyinchalik bu yerdagi o`rtacha ish haqi xitoyliklarning o`zlari uchun unchalik baland emasligini bildim. O`rtacha ko`rsatkich 4,5-5 ming yuanni tashkil qilar ekan. Shuning uchun ham, xorijliklarning ingliz tili o`qituvchisi bo`lib ishlash istagi kuchli.
Quyida qiziqqanlar uchun shu kabi e’lonlardan bir nechtasini namuna tariqasida keltirib o`taman.



Full time small class English teacher needed in : Xian,Changsha,Ningbo, Qinhuangdao, Hangzhou
White Native English speakers only
Location: Xian,Changsha,Ningbo, ,Qinhuangdao, Hangzhou
Working time: Wed-Sun
Salary15-20K
Start date:ASAP
Visa: work visa provided
Wechat/cell phone/Skype/Whatsapp:+8618633057943
If you are interested in it please send your cv and self-introduction video.


Beijing English Teachers Wanted in Training Centers
Position1: -Location: MaJiaBao( line4/Daxing line)
-Need: one male/female teacher
Salary: 12k +
Candidates Requirements:
1. European faced teachers with good pronunciation
2. With experience in teaching kids will be better
3. Responsible, outgoing, friendly, hardworking and easy to work with
Working time:
-Wed-Fri: 1pm-8:30pm -Sat&Sun: 8:30am-6pm
Contact Info:


TAOBAO




[10.10.17/ 17:25]

TAOBAO - Ataylab katta harflarda yozilgan bu so'zning o'ziga butun bir maqolani bag'ishlash mumkin. Men, hozircha, qisqacha ta’rif keltirib o'taman. Bu mobil ilovaga joylangan elektron bozor. Unda gugurt cho'pidan tortib vertolyotgacha, barcha narsani topish mumkin. Narxi ko'chadagi do'konlar, supermarketlar va bozorlardan birmuncha arzonroq. Asosan yangi tovarlar sotiladi. Yana bir shunga o'xshash mobil ilova “ikkinchi qo`l” tovarlarga atalgan ekan. Shu kabi smartfon bozor ilovalari bu yerda juda ko`p bo`lib, shulardan eng yirigi Alibaba group kompaniyasiga tegishli – Taobao ilovasidir. Bunday elektron bozorlarning har biri yetkazib berish xizmatiga ulangan. Uyingizning eshigigacha. Narxi ham arzon. Ko`pchilik onlayn do`konlar ko`proq mijoz yig`ish uchun mahsulotlarini bepul yetkazib beradi (free shipping).
“Taobao”da mahsulotlar arzon bo`lishining asosiy sabablaridan biri - bu ilova ishlab chiqaruvchi va xaridorni o`rtadagi olib sotarlarsiz, to`g`ridan to`g`ri bir-biriga bog`laydi. Bundan tashqari, mahsulotlarni sotish uchun do`kon ijaraga olib, uning ko`pdan ko`p xarajatlarini to`lashga ham hojat yo`q.
Barcha sotib olingan mahsulotlar uzog`i bilan 3 kun ichida manziliga yetkaziladi. Agar mahsulotning biror kamchiligi bo`lsa, yoki shunchaki xaridorga yoqmasa, 7 kun ichida orqaga qaytarib yuborishi mumkin. Uning puli to`liq qaytarib beriladi. Shuning uchun, bu yerda ko`pchilik insonlar bozorga kamdan kam borishadi.



Davomi bor...

XITOYDAGI AYRIM NARXLAR


 [08.10.17 15:27]


Dastavval Xitoy davlati pul birligi yuan haqida ozroq ma’lumot berib o`tmoqchiman. Yuan yoki Renminbi (RMB) ning so`mga nisbatan qiymati bugungi kurs bo`yicha 1293 so`mga teng ekan. 1 AQSH dollari esa – 6,28 yuanni tashkil qilmoqda. So`nggi ko`rsatkichlarga qaraydigan bo`lsak, dollar kursi yuanga nisbatan qadrsizlanib bormoqda.

Yuanning 1, 5, 10, 20, 50, 100 qiymatdagi kupyuralari bor. Har bir kupyuraning old qismida Mao Sze Dunning tasviri tushirilgan.  Orqa tarafida esa, Xitoyning eng mashhur diqqatga sazovor joylari tasvirlangan. Shuning uchun xitoyliklar orasida “186 yuanlik sayohat” degan jumla bor. Barcha nominaldagi kupyuralarning yig`indisi aynan shunchaga teng. Bu Xitoyning deyarli barcha yerida sayohatda bo`lganlikni anglatadi. Shundan kelib chiqadigan bo`lsak, hozircha men bor yo`g`i  “1 yuan” lik sayohat qilibman. Chunki, 1 yuanda tasvirlangan “West lake” (G`arbiy ko`l) aynan men hozir yashayotgan Hangzhou shahrida.

Xitoyda asosiy to`lovlar smartfon yordamida 2 xil mobil ilova: Alipay yoki Wechat orqali amalga oshiriladi. Naqd pul kamdan kam ishlatiladi. Bu yerda ko`pchilik naqd pulni bankomatlar orqali o`z hisob raqamiga tushirib olayotganining guvohi bo`lish mumkin.
Endi ayrim narxlarga to`xtalib o`tsak, jamoat avtobuslarida bir martalik yo`lkira haqi asosan 2 yuan (uzoqroq yo`nalishlarda narx qimmatroq bo`lishi mumkin). Avtobuslarga faqat old eshikdan chiqiladi, orqa eshikdan tushiladi. Kirish eshigida maxsus moslama 2-3 xil usuldagi to`lovlarni qabul qiladi. Shuning uchun, hech bir avtobusda bizdagidek konduktorlar yo`q. Avtobusning ichi bir nechta kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Shuning uchun ularda “quyon” lar ham deyarli uchramaydi.
Metropolitendan foydalanish narxi boradigan manzilingizga qarab farqlanishi mumkin. 2 yuandan 7 yuangacha. To`lov tizimi ham juda qulay, bir necha xil vositalar orqali amalga oshiriladi. Shulardan eng maqbuli yana o`sha – Alipay.
Taksi xizmati bu yerda nisbatan qimmat. Yashil rangli taksilarga o`tirishingiz bilan, taksometr ishga tushiriladi va u boshlang`ich narx – 11 yuanni ko`rsatib turadi. Taxminan 2 kilometrlardan so`ng bu narx o`sa boshlaydi. Manzilingiz 7-8 kilometr uzoqlikda bo`lsa, yo`lkira o`rta hisobda 30-35 yuanni tashkil qiladi. Bu narxlar ham kunning qaysi qismida yurishingizga qarab o`zgarishi mumkin. Chunki yo`llardagi tiqilinch paytida kutishga saraflangan vaqt ham taksometrda yozilib boradi va narxga ta’sir qiladi. 
Boshqa shaharlarga poyezdda sayohat qilmoqchi bo`lsangiz, bir necha xil tanlovga ega bo`lasiz. Ular asosan tez yurar va oddiy poyezdlar, hamda ularning har biridagi qulayliklariga qarab ajratilgan tarifflar. Chipta narxlari har doim har xil bo`ladi deyish mumkin. Chipta sotib olishga ko`maklashuvchi o`nlab mavsus mobil ilovalar hamda internet websaytlari mavjud. Siz ularda chiptalarning narxlarini solishtirib borishinigiz ham mumkin. Oddiy poyezd tezyurar poyezdga nisbatan deyarli ikki barobar arzonroq va shunga yarasha manzilga ancha sekin yetib boradi. “Qu nar” nomli ilova hozirda eng ko`p foydalanuvchiga ega bo`lib, unda istalgan yo`nalishga istalgan transport vositasi orqali maxsus chegirma bilan o`zingiz xohlagan vaqtga chiptaga buyurtma berishingiz mumkin. 

Davomi bor...




Naqdsiz to`lovlar rivojlangan shahar



 [08.10.17 15:27]


Xitoyning Hangzhou (Ханчжоу) shahridaman. Bu yer xitoyning eng chiroyli shaharlaridan biri ekanligini ko'p bor eshitdim. Buni shu yerliklar ham doim faxrlanib aytib o'tishadi. O'tgan yili G20 sammiti aynan shu shaharda o'tkazilgan ekan. Mazkur shahar xitoydagi eng naqdsiz to'lov shakli ommalashgan hududlardan biri ham ekan. Dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri "Alibaba Group" asoschisi Jek Ma ham o'z faoliyatini ilk bor shu yerda boshlagan. Kompaniyasining bosh ofisi ham shu yerda. Darvoqe, xitoyliklar uni juda ham hurmat qilishadi. To'g'rida, u xitoyliklar hayotini ancha yengillashtiradigan innovatsiyalarni joriy qilgan. O'zi Osiyoning eng boy odamlaridan biri bo'libgina qolmay, o'z xalqining turmush darajasi oshishiga ham ancha mehnati singgan insonlardan.
Bu yerda naqdsiz to'lovlar, bilishim bo'yicha, asosan ikki xil: Wechatpay va Alipay kabi smartfon ilovalarida amalga oshirilar ekan. QR kodni telefon kamerasi orqali olib bir zumda to'lovni tasdiqlash mumkin. Bunga 1 daqiqa ham ketmaydi.
Bu yerda ko'pchilikdan ataylab naqd pul va naqdsiz pulning qadri bir xilmi deya so'rab ko'rdim. Ularning barchasi ‘Ha’ deya javob qaytardi va hattoki ko'pchilik naqdsiz pulni afzal ko'rishini ham aytib o'tdi.



Bu shaharda hatto ko`chadagi nochor musiqachilarda (ular uchun “gadoy” so`zini ishlatish o`rinsiz) ham yonlarida xayriya puli tashlash uchun quti va Alipay yoki Wechatdan pul o`tkazish uchun o`z QR kodlari tushirilgan qog`oz borligiga guvoh bo`lish mumkin. Kecha do`stlarim bilan ko`chada shunday manzarani ko`rdim. Keksa yoshli inson Xitoy milliy cholg`u asbobida ajoyib musiqa chalib o`tiribdi. Uning yonidagi QR kodni ko`rib, xayriya qilmoqchi bo`ldim. (Bundan tashqari ushbu postga isbot bo`lishi uchun rasmga ham tushirish niyatida edim). Alipayda QR kodni olar ekanman, yonimdagi do`stlarimdan biri, Xitoyda anchadan beri yashovchi va bir nechta joydan daromad qiluvchi, ishbilarmon do`stim “qancha jo`natyapsan?” deya so`rab qoldi. “5 yuan” degan javobimdan so`ng, ajablangan va norozi ohangda “Nega buncha ko`p?” deya yana so`radi. “Anchadan beri bunday yoqimli jonli ijrodagi musiqa eshitmagandim” deb hazillashib qo`ydim. U ham kulib qo`yib, men kecha 8 mao (0,8 yuan) tashlagandim, mayli bugun men ham ozroq qo`sha qolay deb Wechat orqali naq 1 yuan xayriya qildi.