Naqdsiz to`lovlar rivojlangan shahar
[08.10.17 15:27]
Xitoyning Hangzhou (Ханчжоу) shahridaman. Bu yer xitoyning eng chiroyli
shaharlaridan biri ekanligini ko'p bor eshitdim. Buni shu yerliklar ham doim faxrlanib
aytib o'tishadi. O'tgan yili G20 sammiti aynan shu shaharda o'tkazilgan ekan. Mazkur
shahar xitoydagi eng naqdsiz to'lov shakli ommalashgan hududlardan biri ham
ekan. Dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri "Alibaba Group" asoschisi Jek Ma ham o'z faoliyatini ilk bor shu yerda
boshlagan. Kompaniyasining bosh ofisi ham shu yerda. Darvoqe, xitoyliklar uni
juda ham hurmat qilishadi. To'g'rida, u xitoyliklar hayotini ancha
yengillashtiradigan innovatsiyalarni joriy qilgan. O'zi Osiyoning eng boy
odamlaridan biri bo'libgina qolmay, o'z xalqining turmush darajasi oshishiga
ham ancha mehnati singgan insonlardan.
Bu yerda naqdsiz to'lovlar, bilishim bo'yicha, asosan
ikki xil: Wechatpay va Alipay kabi smartfon ilovalarida amalga oshirilar ekan.
QR kodni telefon kamerasi orqali olib bir zumda to'lovni tasdiqlash mumkin.
Bunga 1 daqiqa ham ketmaydi.
Bu yerda ko'pchilikdan ataylab naqd pul va naqdsiz
pulning qadri bir xilmi deya so'rab ko'rdim. Ularning barchasi ‘Ha’ deya javob
qaytardi va hattoki ko'pchilik naqdsiz pulni afzal ko'rishini ham aytib o'tdi.
Bu shaharda hatto ko`chadagi nochor musiqachilarda
(ular uchun “gadoy” so`zini ishlatish o`rinsiz) ham yonlarida xayriya puli
tashlash uchun quti va Alipay yoki Wechatdan pul o`tkazish uchun o`z QR kodlari
tushirilgan qog`oz borligiga guvoh bo`lish mumkin. Kecha do`stlarim bilan
ko`chada shunday manzarani ko`rdim. Keksa yoshli inson Xitoy milliy cholg`u
asbobida ajoyib musiqa chalib o`tiribdi. Uning yonidagi QR kodni ko`rib,
xayriya qilmoqchi bo`ldim. (Bundan tashqari ushbu postga isbot bo`lishi uchun
rasmga ham tushirish niyatida edim). Alipayda QR kodni olar ekanman, yonimdagi
do`stlarimdan biri, Xitoyda anchadan beri yashovchi va bir nechta joydan
daromad qiluvchi, ishbilarmon do`stim “qancha jo`natyapsan?” deya so`rab qoldi.
“5 yuan” degan javobimdan so`ng, ajablangan va norozi ohangda “Nega buncha
ko`p?” deya yana so`radi. “Anchadan beri bunday yoqimli jonli ijrodagi musiqa eshitmagandim”
deb hazillashib qo`ydim. U ham kulib qo`yib, men kecha 8 mao (0,8 yuan)
tashlagandim, mayli bugun men ham ozroq qo`sha qolay deb Wechat orqali naq 1
yuan xayriya qildi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий