XITOYDAGI VELOSIPED IJARASI
[15.11.17/ 19:44]
Xitoyning ko`plab shaharlarida velosipedlarni ijaraga
beruvchi ajoyib tizim faoliyat olib boradi. Bu tizim barcha uchun, har
tomonlama, nihoyatda foydali. Velosipedda sayr qilishning inson salomatligiga
ta’siri, yoki atrof muhitga mutlaqo bezarar ekanligini alohida ta’kidlab
o`tirmayman. Asosiy mavzu - bu tizimning faoliyati haqida.
Bu yerda xohlagan yeringizda velosiped olib
manzilingizga yetib olishingiz, va o`sha velosipedni istagan yerda
qoldirishingiz mumkin. Velosiped olish uchun telefoningizda maxsus ilovaga ega
bo`lsangiz bas. Juda qulay tizim. Barcha velosipedlar GPS tizimiga ulangan va
orqa g`ildiragi tomonda maxsus qulf biriktirilgan. Smartfondagi maxsus ilova
orqali QR kodni olgan zahoti (scan) qulf avtomatik tarzda ochiladi. Shunday
qilib, bir martalik harakatlanish vositangiz safarga tayyor. Manzilga yetgach,
o`sha qulfdagi bir detalni pastga surish orqali velosipedni yana qulflab
qo`yishingiz lozim. Agar qayta yopilmasa, siz boshqa velosiped qulfini ocha
olmaysiz. Chunki ilovalar bir vaqtning o`zida faqat bitta velosipeddan
foydalanishga ruxsat beradi.
Bu tizimdan foydalanish uchun ilovani yuklab olish
hamda unda ro`yxatdan o`tish lozim. Unga bank kartochka raqami va passport
ma’lumotlari kiritiladi. Bundan tashqari, depositga ma’lum miqdorda pul qo`yish
ham talab etiladi. O`rtacha 200 yuan deposit to`lanishi lozim. Shundan so`ng
siz 45 kun davomida velosipedlardan bepul foydalanasiz. Istagan vaqtingizda
depozit pulingizni qaytarib olishingiz ham mumkin. 45 kundan so`ng, xizmatdan
bepul foydalanish muddati tugaydi. Shundan so`ng, har gal velosipeddan foydalanish
uchun 1 yuandan to`lashingizga to`g`ri keladi.
Shu o`rinda bir qiziq savol tug`ildi, bir
velokompaniyada ro`yxatdan o`tib, 200 yuan deposit to`lagach, 45 kun davomida
undan bepul foydalanib, keyingi kuni deposit pulini qaytarib olish ham
mumkinmi? Menga bu ilovada ro`yxatdan
o`tishga ko`maklashgan do`stimning aytishicha, “ha, shunday qilsa bo`ladi”.
Unda hamma shunday qilaversa bu kompaniyalar qanday qilib foyda ko`radi deb
bergan savolimga u quyidagicha javob berdi: “Bir kishi ro`yxatdan o`tgach 200
yuan pul kompaniya hisobida turadi. Bu kompaniya millionlab foydalanuvchilariga
ega, ularning har biri 200 yuandan to`laganda, umumiy hisobda juda katta summa
hosil bo`ladi. Kompaniya bu pullarni boshqa sohalarga tikib foyda foyda oladi,
yoki boshqacha qilib aytaganda ‘pullarni aylantiradi’. Bundan tashqari juda
kamchilik insonlar depozit pullarini qaytarib oladi, chunki yana qayta
ro`yxatdan o`tmoqchi bo`lsa, bu safar bepul 45 kunlik muddat berilmaydi. Bundan
tashqari pulingiz xavfsiz joyda qancha muddat bo`lsa ham turaveradi”. Ha, juda
yaxshi o`ylangan tizim!
Lekin uddaburonlar 45 kundan so`ng deposit pulni
qaytarib olib, boshqa kompaniyada ro`yxatdan o`tib yana shuncha muddat bepul
foydalanish va keyingi muddat ham tugagach boshqasiga o`taverishi mumkin.
Bunday kompaniyalar esa bir nechtani tashkil qiladi.)
Men hozir yashayotgan shaharda velosipedlarni ijaraga
beruvchi bir nechta yirik kompaniyalar faoliyat olib boradi. Bularga ‘OFO’,
‘Hellobike’, ‘Mobike’ va hokazolarni misol qilib keltirib mumkin. Shahar
ko`chalarida yurar ekansiz har qadamda velosipedlar uyumiga ko`zingiz tushadi.
Har bir kompaniya velosipedlari o`z maxsus ranggiga ega. Ayrimlari to`q sariq
rangda, ba’zlari oq qizil yoki oq ko`k, boshqalari esa yashil rangda.
Yana bir yaxshi jihati, barcha yo`llarda avtomobillar
hamda piyodalar uchun maxsus ajratilgan yo`llar bilan bir qatorda, velosiped va
skuterlar uchun ham alohida yo`lak mavjud. Shuning uchun, velosipedda uzoq
manzillarga ham mutlaqo xavfsiz yetib olishingiz shubhasiz.
“Barcha foydalanuvchilar velosipedlarni istalgan joyga
tashlab ketaversa, ular yo`qolib qolmaydimi?” degan tabiiy savol paydo bo`ladi.
Aslo, chunki har bir velosipedga GPS qulf
biriktirilgan bo`lib, kompaniya xizmatchilar har kuni kechki payt GPS orqali
velosipedlarni yig`ib ertalab xizmatdan foydalanuvchilar uchun maxsus joylarga,
shay holatda qo`yib ketishadi. Bundan tashqari, aksariyat foydalanuvchilar,
iste’molchi madaniyatiga rioya qilgan holda, manziliga yetib olgach
velosipedlarni maxsus belgilangan joylarga qo`yishadi. Bu esa xizmatnining
barcha uchun yanada qulay va foydali bo`lishiga xizmat qiladi.
Xuddi shunday tizimni bizda ham joriy qilsa
bo`larmikin degan mavzuda o`zbekistonlik do`stlarim bilan ko`p gaplashamiz.
“Bo`ladi, faqat velosiped ehtiyot qismlarga bo`linib-bo`linib ketmasa bo`lgani”
deyishadi hazillashib.
Rostdan ham, kerakli ehtiyot choralarini ko`rgan
holda, O`zbekistonda ushbu tizim faoliyatini yo`lga qo`yish mumkin. Bundan
tashqari, yaqin vaqtlarda poytaxtimizda ham velosipedlar uchun maxsus yo`lkalar
quriladi.
Quyida bu boradagi fikrlarimni keltirib o`taman:
- Buning uchun dastavval, velosipedlarni joylashtirish
uchun eng gavjum bo`luvchi kamida 10 ta punktni tanlash zarur (poytaxtda,
kuzatuv kameralari nazoratiga olingan hudud bo`lishi maqsadga muvofiq. Chunki,
velosipeddan foydalanib bo`lgan kishi uning soz holda ekanligini isbotlashi
uchun kamera nazoratidagi joyga keltirib qo`yadi)
- Velosipedlarning barchasi bir xil yorqin rangga,
alohida belgilarga va GPS tizimli qulfga ega bo`lishi lozim. (Xitoy tajribasini
o`zlashtirish mumkin)
- Smartfonlar uchun kichik mobil ilova yaratish kerak;
(Xitoy tajribasi)
- Kreativ reklamalar yordamida keng ommani oldindan
xabardor qilib borish lozim; (Countdown uslubida)
-Depozit pulining xavfsiz saqlanishi va istalgan
paytda qaytarib berilishi kafolatlanishi lozim;
Qo`shimcha afzalliklari sifatida, mobil ilovaga hamda
velosipedlarning o`ziga reklama joylashtirish orqali ayrim xarajatlarni qoplash
mumkin.
Ushbu tizim biz uchun yangilik bo`lganligi hamda hali
raqobatchilar yo`qligi sababli, bu ishni ilk bor amalga oshirgan tadbirkorlar
yaxshi daromad olishlari mumkin. Bu yurtdoshlarimiz hayotiga ham yanada
qulaylik bag`ishlagan bo`lar edi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий