четверг, 26 апреля 2018 г.


Ko`zoynak taqqan Xitoy yoshlari 

 [19.10.17]

19-oktyabr. 2017. Soat 08:55. “Public policy making” darsi. Leksiya 3 soat-u 30 daqiqa davom etadi. Ma’ruza qilayotgan professorning nihoyatda bilimli ekanligiga shubham yo'q, ammo ingliz tilida gapirishi xatto ingliz tili ona tilisi bo`lgan talabalar uchun ham unchalik tushunarli emas.
Auditoriyada xalqaro talabalar bilan bir qatorda xitoylik talabalar ham bor. Ularning asosiy maqsadi darsdan ham ko'ra ingliz tilini yaxshiroq o'rganish, xorijlik talabalar bilan biroz bo`lsa-da muloqot qilishdir. Leksiya tinglab o`tirib biroz zerikkach, atrofga razm solib chiqdim. Auditoriyadagi 26 ta xitoylik talabaning 24 tasi ko'zoynak taqqanligi e’tiborimni tortdi. Menimcha, qolgan ikkitasining ham ko'zoynagi uyida qolib ketgan bo'lsa kerak). Chet ellik talabalarning ayrimlarigina ko`zoynak taqqan xolos. Har narsaning yaxshi va yomon tomonlari bo'lganidek zamonaviy texnologiyalar nihoyatda ommalashgan, elektron to'lovlar eng rivojlangan Hangzhou shahrida yoshlarning aksariyat qismi ko'zoynaksiz yaxshi ko'ra olmaydi. Shak-shubhasiz, buning asosiy sababi, zamonaviy texnologiyalar, smartfon, planshet, IPad va hokazo, bir so`z bilan aytganda – “nurli to`rtburchak” lardir.
Ularni ko`chada yurib ketayotganda, ovqatlanayotganda, skuter va hatto velosiped haydab ketayotganda ham telefonidan ko`z uzmay ketayotganligining guvohi bo`lish mumkin. Hozirgi kunda ko`plab halokatlar ham aynan shu sababli sodir bo`lmoqda. Smartfonlarga bu darajadagi qaramlik bu yerda oddiy holga aylangan. Nafaqat yoshlar, balki katta yoshli insonlar orasida ham bunday holat ommalashib borayotganini kuzatish mumkin. Ularning nega bunchalik telefonga “yopishib” qolayotganligining sabablariga qiziqib ko`rdim. Aksariyati smartfonda ijtimoiy tarmoqlarni, yangiliklarni kuzatishadi. (eng asosiy tarmoqlar sifatida – Wechat (WhatsApp yoki telegramning muqobili), yoki Weibo (Facebook singari) larni keltirish mumkin). U yerdagi qiziqarli rasmlar, video roliklar, yangiliklar kishining e’tiborini tortmay qolmaydi.
 Keyingi o`rinda maxsus ilovalar. Xitoyda deyarli barcha ishlarni birgina smartfon orqali bajarish mumkin. Barcha turdagi to`lovlar, xaridlar, chipta buyurtma qilish-u ijaraga velosiped olishlar ham birgina telefonda amalga oshiriladi. Bunga minglab turdagi ilovalar yordam beradi. Kundalik turmush tarzini yanada osonlashtirishga xizmat qiluvchi mobil ilovalarning son-sanog`i yo`q.
Bundan tashqari, mobil o`yinlar ham xitoylik ayrim yoshlarning ajralmas ovunchoqlaridan biri bo`lib qolgan. Bu yer online o`yinlarning eng katta bozorlaridan hisoblanib, mamlakatda mobil va kompyuter o`yinlarini yaratuvchi gigant kompaniyalar faoliyat olib boradi.
Yana bir turdagi smartfonga “yopishib qolgan” yoshlar, ilmga nihoyatda chanqoq va kitobsevar talabalardir. Ular har qanday sharoitda ham mutolaa qilib keta olishadi, va albatta bunga qoyil qolmay iloj yo`q.
Nima bo`lganda ham, ko`zoynakka qaram bo`lib qolish, bizga berilgan tabiatning eng katta ne’matlaridan biri – ko`z nurimizning yomonlashayotganligidan darak.
Ko`z nurini asrab avaylash haqida nasihat-u maslahatlar berib o`tirish niyatida emasman. Shunchaki bir fakt: inson umri davomida barcha ma’lumotlarning 90 foizini ko`zlari orqali oladi.



                                          surat manbasi: Baidu (xitoycha google) 

Комментариев нет:

Отправить комментарий